Dialektal matnlarning leksik tahlili metodi
Keywords:
dialektal so‘z, lahja, sheva, qarluq, dialektal matn, leksik tahlil, metod.Abstract
Dialektal so‘zlar o‘zbek xalq sheva va lahjalarida faol qo‘llanib, adabiy til sathida kam yoki umuman qo‘llanmaydigan leksik birliklar hisoblanadi. Ular adabiy tildagi so‘zlardan dialektal ma’no(lar)ga egaligi hamda faqat shevalarda faol qo‘llanishi bilan turadi. Ularning ayni vaqtdagi miqdori va turlari to‘g‘risida fikr bildirilgan. Dialektal leksika va dialektal leksikografiya sohasida qilingan ishlar bu sohaning dolzarbligi oldida juda kamdir. Ayni vaqtda ilm-fanning vazifalaridan kelib chiqqan holda “Qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalari materiallari asosida elektron lug‘at va atlas yaratish” bilan shevalarning betakror lug‘aviy boyligini saqlab qolish mumkin. Dialektal so‘zlarni yig‘ish bo‘yicha “Savol-javob”, “Anketa” usullari kabi bir necha amaliy usullar borligi e’tirof etilgan. Ammo ularning hech biri “dialektal matnlarning leksik tahlili” usuli kabi natijador usullar emas. Chunki bunda sheva vakillaridan yozib olingan matnlar tarkibini leksik tahlil qilish asosida dialektal so‘zlarni aniqlab olish mumkinligi dialektologik amaliyotlar vaqtidagi amaliy tajribalarda qo‘llanilgan. Sheva vakillari nutqini dialektal matnlar sifatida yozib, transkripsiya qilib, undagi dialektal so‘zlarni aniqlash jarayoni “dialektal matnlarning leksik tahlili” usuli deyilishi maqolada bayon etilgan. Aytilgan fikrlarning isboti sifatida sheva vakillaridan yozib olingan dialektal matnlar ham berilgan. Dialektologik kuzatishlar jarayonida ilgari surilayotgan dialektal matnlar tahlili metodining tarkibiy qismlari bo‘lgan quyidagi xususiy metodlardan ham foydalanish maqsadga muvofiq: 1) dialektal matn(lar)ni yozish metodi; 2) u(lar)ni transkripsiya qilish metodi; 3) dialektal matnlarni leksik tahlil talablari asosida dialektal so‘z turlarini aniqlash metodi; 4) dialektal so‘z turlarini dialektal matnlar asosida tahlil etib o‘qitish metodi; 5) “Bir sheva lug‘ati”ni tayyorlash orqali sheva materiallarini yig‘ish metodi.
Agar bu metoddan faol foydalanilsa, shevalarning leksik boyligi bo‘lgan dialektal so‘zlarning eng kami ikki yarim-uch milliontasini bemalol topish, ularga lug‘at maqolalar tayyorlab, zamonaviy tipdagi elektron lug‘at hamda atlaslarini yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek, dialektal so‘z turlari haqida to‘xtalib, ular o‘nta ekanligi dalillab berilganligini ta’kidlash lozim. Bu ilgari surilgan hamda dialektologik amaliyotlar davomida sinalgan dialektal matnlar tahlili metodi va uning tarkibidagi quyidagi xususiy tadqiq metodlardan kelajakda faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan “Qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalarining materiallari asosida elektron lug‘at tuzish va atlas yaratish” nomli innovatsion loyihada bemalol qo‘llanishi maqsadga muvofiqligi ham bir qancha mulohaza va dalillar bilan ko‘rsatib o‘tilgan.