Nazm va navo xususida
Keywords:
kuy, so‘z, navo, she’r, musiqa, suvora, ashula, maqom, aruz, bastakor, shoir, falsafa.Abstract
Azaldan o‘zaro payvand kuy va she’riyat asrlar osha uzviylikda biri ikkinchisini “to‘ldirib” va “bezab” keladi. Bunga xalq ijodiyoti qo‘shiqlari, dostonlari, qadimgi madhiyalar, kitobxonlik an’analari, oshiqlarning zikr-u samo’lari yorqin misoldir. Garchi o‘rta asrlarga kelib musiqa va she’riyat alohida-alohida mumtozlik darajasiga yuksalgan hamda mustaqil namoyon bo‘lish xususiyatlari shakllangan bo‘lsa-da, bu har ikki nafis san’at turining o‘zaro “ehtiyojliligi” hozirgi kunga qadar davom etib kelmoqda.
Buni yaxshi anglagan turli davr musiqachilari yaqindan xabardor bo‘lishga istagida she’riyatga, shoirlar esa musiqaga mudom intilganlar. Bu borada, ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri aksariyat shoir va mug‘anniylar faoliyati samarali bo‘lgan. Zero, ijodkorlarning yorqin iste’dodi, ustuvor g‘oyalar mushtarakligi hamda ko‘p jihatdan umumiy aruz vazni o‘laroq musiqa san’ati bilan she’riyatning yuksak darajadagi uyg‘unlashuvi in’ikos etgan mumtoz aytim namunalari yuzaga kelgan edi. O‘n ikki maqom timsolida yorqin ifodasini topgan bu ijodiy an’analar bizga qadar Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari, Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llari, shuningdek suvora, ashula, katta ashula kabi mumtoz namunalarda o‘z kuchini saqlab kelmoqda.
Ayni vaqtda kuy va so‘z uyg‘unligidagi aytim janrlari el-yurtga sadoqat, xalqimizga xos bag‘rikenglik, samimiylik, insonparvarlik kabi olijanob fazilatlarni hissiy ta’sirchan tarannumi ila avlodlar qalbiga singdirishda katta ahamiyat kasb etishi ma’lum. Bu borada zamonamiz shoirlari, bastakorlari va ijrochilari muayyan natijalarga erishdilar. Istiqbolda esa ana shu ijobiy holatlarni yangi darajaga yuksaltirishdek mas’uliyatli, lekin sharafli ijodiy vazifalarni amalga oshirish – davr talabi bo‘lib turibdi.